AQSh Rossiyaga Yevropa bilan kelajakdagi xavfsizlik kelishuvi bo‘yicha yangi taklif ishlab chiqishni taklif qildi. Ushbu hujjat Moskva tomonidan Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlarda keskinlikni kamaytirishga qaratilgan choralarni ham o‘z ichiga olishi kerak.
Bu haqda Axios nashri vaziyatdan xabardor ikki manba ma’lumotlariga asoslanib xabar bermoqda.
Rossiya ko‘p yillardan buyon NATOning kengayishini cheklash va Sharqiy Yevropada Rossiya harbiy hozirligini qisqartirishni nazarda tutuvchi Yevropa xavfsizligi bo‘yicha kelishuv tuzishga intilib kelmoqda. Ilgari AQSh bu talablarni rad etgan edi. Biroq hozir Vashington Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha keng qamrovli kelishuv doirasida ularni u yoki bu shaklda ko‘rib chiqishga tayyordek ko‘rinmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Abu-Dabidagi uch tomonlama muzokaralar davomida AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Rossiya tomoniga xavfsizlik sohasidagi xavotirlari va talablarini bayon etishni taklif qilgan.
Bundan tashqari, Moskva keskinlikni pasaytirish va «Evropaga hujum qilmaslik kafolatlarini berish» uchun qanday «mutanosib choralar» ko‘rishga tayyorligini ham bildirishi kerak.
Payshanba kuni Kushner va Stiv Uitkoff Moskvada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha Amerika takliflarini taqdim etadi. Shuningdek, ular Putinni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning keyingi bosqichiga Yevropa vakillarini ham jalb etishga ko‘ndirishga harakat qiladi.
Kushnerning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nafaqat o‘z talablarini, balki Yevropa davlatlari ham konstruktiv qabul qilishi mumkin bo‘lgan takliflarni ham ilgari surishi kerak.
Shu bilan birga, Moskva hozircha Yevropa mamlakatlarining muzokaralar jarayonida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlamayapti. Rossiya delegasiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Yevropaning ayrim yetakchilari pozisiyasini tanqid qilib, «Shuning uchun ular bilan nimani muhokama qilish mumkinligini tushunmayapman», — dedi.
Ayni vaqtda u Rossiyaning Yevropa bilan yanada keng qamrovli xavfsizlik kelishuvini tuzishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Vashingtonda Yevropa xavfsizligi masalalari Ukraina bo‘yicha muzokaralar bilan bir vaqtda muhokama qilinishi kerak, deb hisoblashmoqda. Biroq tegishli kelishuvlarni amalga oshirish faqat urush tugaganidan keyin mumkin bo‘ladi. AQSH, shuningdek, Ukraina va Yevropa davlatlarining roziligisiz Rossiya bilan kelishuv tuzish niyatida emasligini ham bildirgan.
Ayni paytda Yevropa diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan yangi kelishuv tuzish g‘oyasi Yevropada jiddiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Evropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen yangi xavfsizlik tizimini muhokama qilish faqat Rossiya — Ukraina mojarosi yakunlanganidan keyingina mumkinligini ta’kidladi.