Nashr Qo‘shma Shtatlar prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga tashrifi chog‘ida Vladimir Putinga taqdim etgan taklifning tafsilotlarini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.
Onet'ning yozishicha, agar Kreml muzokaralarga rozi bo‘lsa, u “juda ko‘p yutuqlarni” qo‘lga kiritadi. Taklifdagi asosiy bandlardan biri Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarini AQSh tomonidan tan olish masalasini 49 yoki 99 yilga kechiktirishga rozilik bildirishdir. Bu mazkur hududlar ustidan Moskva nazoratining ma’lum muddatga tan olinishini anglatadi.
Shuningdek, Vashington Ukraina urushi sabab Moskvaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarning katta qismini bekor qilishga va energetika sohasida hamkorlikni, xususan, Rossiyadan neft va gaz yetkazib berishni tiklash imkoniyatini ko‘rib chiqishga va’da bergan.
"Biroq AQSh takliflarida Ukrainada aynan o‘t ochishni to‘xtatish haqida so‘z bormoqda, barqaror tinchlik haqida emas. Shuningdek, Vashingtonning takliflari orasida NATO'ni kengaytirmaslik yoki Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish kabi Rossiya “tinchlikka to‘sqinlik qiluvchi” deb atagan talablar keltirilmagan", deyiladi Onet xabarida.