Bugun 27 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

AQSh NATOdagi «mas’uliyatsiz» ittifoqchilarga tahdid qilmoqda

AQSh NATOdagi «mas’uliyatsiz» ittifoqchilarga tahdid qilmoqda

Pentagon Ispaniyaning NATOdagi a’zoligini to‘xtatib turish va Britaniyaga qarashli Folklend orollari maqomini qayta ko‘rib chiqishni, ittifoqchilarning Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun jazo choralari sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Reuters agentligiga amerikalik manba bildirishicha, Pentagon AQShning Eronga qarshi harbiy operasiyasini qo‘llab-quvvatlamagan NATO ittifoqchilariga nisbatan jazo choralari variantlarini ishlab chiqqan. Ko‘rib chiqilayotgan choralar qatorida Ispaniya a’zoligini to‘xtatib turish va Vashingtonning Folklend orollari maqomi bo‘yicha pozisiyasini qayta ko‘rib chiqish bor.

Memorandumda ayrim ittifoqchilarning Eron kampaniyasi davomida AQShga kirish, joylashish va havo hududidan foydalanish huquqlarini bermagani sabab norozilik bildirilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, bazalarga kirish imkoniyati NATO a’zosi uchun «eng kam talab» hisoblanadi.

«AQSh NATO ittifoqchilari uchun qilgan barcha ishlariga qaramay, ular bizni qo‘llab-quvvatlamadi. Harbiy idora prezidentga ishonchli variantlarni taqdim etadi, toki ittifoqchilar “qog‘ozdagi yo‘lbars” bo‘lib qolmasin va o‘z majburiyatlarini bajara boshlasin», — dedi Pentagon vakili Kingsli Uilson.

Vashingtonning alohida noroziligi Ispaniyaga qaratilgan: mamlakatning sosialistik hukumati Eronga zarba berish uchun o‘z bazalari va havo hududidan foydalanishga ruxsat bermadi. AQSh Ispaniyada ikkita muhim ob’ektga ega — Rota dengiz bazasi va Moron aviabazasi. Hujjatga ko‘ra, Ispaniya a’zoligini to‘xtatish alyansning harbiy qobiliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo muhim siyosiy ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Shuningdek, AQShning Yevropa «imperiyaviy hududlari»ga nisbatan diplomatik qo‘llab-quvvatlashini qayta ko‘rib chiqish imkoniyati ham qayd etilgan — jumladan, Argentina da’vo qilayotgan Folklend orollari masalasi. Argentina prezidenti Xavyer Miley Trampning ittifoqchisi hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, 1982 yilda Britaniya va Argentina ushbu arxipelag uchun urushgan.

Tramp bir necha bor Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni tanqid qilib, uni «qo‘rqoq» deb atagan va «u Uinston Cherchill emas» deya baho bergan. London dastlab Eronga qarshi zarbalar uchun Britaniya bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagan, keyinchalik esa faqat mudofaa missiyalari uchun rozilik bildirgan.

Mudofaa vaziri Pit Xegset ittifoqchilarga nisbatan tanqidni keskin ifoda etdi: «Biz savollar, to‘siqlar va ikkilanishlarga duch kelmoqdamiz... Agar mamlakatlar sizga kerak paytda yonma-yon turmasa, bunday alyansning qiymati katta emas».

Shu bilan birga, Tramp AQShning NATOdan chiqish ehtimolini ham istisno qilmagan: «Mening o‘rnimda siz ham shunday qilmagan bo‘lardingizmi?» — deb javob bergan u 1 aprel kuni Reuters savoliga. Shu bilan birga, mazkur hujjatda Yevropadagi amerikalik bazalarni yopish taklif etilmagan.

Kiritildi: Bugun 09:31. O'qildi: 462 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!