AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Vashington ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda Eronning yadro energiyasidan foydalanishiga ruxsat berishga tayyorligini bildirdi.
Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasidagi eshituvda so‘zga chiqqan Rubioning ta’kidlashicha, Eronda tinch maqsadlarda yadro energiyasidan foydalanishni ta’minlash uchun zarur mexanizmlar mavjud.
«Agar Eron yadro energiyasiga ega bo‘lishni istasa, buni ta’minlash mexanizmlari bor. Dunyoda yadro energiyasidan foydalanadigan, ammo uranni boyitmaydigan davlatlar ko‘p. Ular, albatta, uranni 60 foizgacha boyitmaydi va bu ishlarni yer ostida yoki yashirin holda amalga oshirmaydi», — dedi u.
Marko Rubioning fikricha, muammo Eronning yadro energiyasiga ehtiyoji emas, balki uning harakatlari yadroviy qurol yaratishga intilayotgan davlat xatti-harakatlariga o‘xshab ketishidadir.
«Agar ularga yadro energiyasi kerak bo‘lsa, bunga ega bo‘lishlari mumkin. Buning uchun xalqaro mexanizmlar mavjud. Ammo Eronning barcha harakatlari yadroviy qurol ishlab chiqishga intilayotgan mamlakat harakatlariga mos keladi», — dedi AQSh Davlat kotibi.