AQSh harbiylari 20 avgust kuni Suriya shimolidagi reyd chog‘ida mamlakatdagi terrorchilik tashkilotining navbatdagi rahbari bo‘lishga hozirlik ko‘rayotgan ISHIDning yuqori martabali a’zosini yo‘q qildi.
Bu haqda amerikalik mansabdor shaxsga tayanib, Fox News telekanali xabar berdi.
Operasiya "muvaffaqiyatli" deb nomlandi. Unda ISHIDning yana bir muhim xodimi ham o‘ldirilgan. Manbaga ko‘ra, halok bo‘lganlarning har ikkisi ham Suriya va Iroqda teraktlar uyushtirishni faol rejalashtirgan.
Manbaning qayd etishicha, o‘ldirilgan jangari "Suriyadagi ISHID yetakchisi" roliga kuchli nomzod bo‘lib, AQSh kuchlari, koalisiya va Suriyaning yangi hukumatiga bevosita tahdid solar edi.
Qayd etilishicha, reyd chog‘ida amerikalik askar yoki tinch aholi vakillari jabrlanmagan.