Eron yadroviy ob’ektlariga AQSh tomonidan uyushtirilgan zarbalar xalqaro neft bozorida tashvish uyg‘otib, Brent va WTI narxlari oxirgi besh oydagi eng yuqori darajaga chiqdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi xavfi narxlarni yanada ko‘tarishi mumkin.
23 iyun, dushanba kuni xalqaro neft narxlari sezilarli darajada oshdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning uchta asosiy yadroviy inshootiga zarba berilganini e’lon qilgach, bozorda ta’minotga bo‘lgan xavotir yanada oshdi.
Brent neftining avgust oyi fyucherslari 1,06 foizga oshib, bir barreli uchun 77,83 dollar, WTI esa 1,07 foizga ko‘tarilib, 74,63 dollarga yetdi. Sessiya boshida har ikki turdagi neft narxi mos ravishda 81,40 va 78,40 dollargacha ko‘tarilib, oxirgi besh oydagi eng yuqori cho‘qqisiga yetdi.
Eron OPECda Saudiya Arabistoni va Iroqdan keyingi uchinchi yirik neft ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. AQShning zarbalari nafaqat yadroviy dastur, balki butun Yaqin Sharq mintaqasidagi energetika ta’minotiga tahdid solayotgani qayd etilmoqda.
Bozor ishtirokchilari Eron ehtimoliy javob tariqasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishi mumkinligidan xavotirda. Bu bo‘g‘oz orqali dunyodagi neft ta’minotining 20 foizi o‘tadi va uning yopilishi narxlarni yanada oshirishi aniq.
SS WealthStreet kompaniyasidan Suganda Sachdevaning ta’kidlashicha, «geosiyosiy keskinlik Brent narxlarining 100, hatto 120 dollargacha ko‘tarilishi ehtimolini mustahkamlamoqda».