Gazeta manbalariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati tomonidan tayyorlangan G‘azo sektorining urushdan keyingi rivojlanishi rejasi ushbu hududni kamida 10 yil davomida AQSh nazorati ostiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu vaqt ichida sektor gullab-yashnayotgan turistik kurortga va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish markaziga aylanishi kerak.
"38 sahifalik reja G‘azo sektorining ikki million aholisini kamida vaqtincha ko‘chirishni ko‘zda tutadi. Qayd etilishicha, bu yo boshqa mamlakatga “ixtiyoriy” ketish yo‘li bilan yoki tiklanish davrida odamlarni sektordagi xavfsiz zonalarga joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Yer egalariga rekonstruksiya qilish huquqi evaziga raqamli tokenlar taklif etiladi. Ushbu aktivlar boshqa joydagi hayotni moliyalashtirish uchun ishlatilishi yoki keyinchalik G‘azo sektorida tashkil etiladigan “aqlli shahar”lardan biridagi kvartiraga almashtirilishi mumkin", deyiladi WP maqolasida.
Shu bilan birga, G‘azo sektorini tark etishga qaror qilgan har bir falastinlikka 5000 dollar miqdorida naqd pul, shuningdek, to‘rt yillik ijara va bir yillik oziq-ovqat uchun to‘lovlar beriladi.
WP ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu reja asosida G‘azo sektorini rekonstruksiya qilishni boshqaradigan G‘azoni qayta qurish, iqtisodiy jadallashtirish va o‘zgartirish (GREAT Trust) deb nomlangan maqsadli jamg‘arma tashkil etiladi. Gazeta manbalarining aytishicha, G‘azoni rekonstruksiya qilish rejasining asosiy elementlari Donald Trampning hudud haqidagi “Yaqin Sharq Rivyerasi” qarashini aks ettiradi. Reja davlat va xususiy mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi kutilmoqda.