Qo‘shma Shtatlar Eronning soyali bank tizimida ishtirok etganlikda ayblangan 35 nafar shaxs va tashkilotga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
Bu haqda AQSh Moliya vazirligi ma’lum qildi.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar va tashkilotlar sanksiyalardan qochish, noqonuniy neft bitimlari va Eronning mintaqadagi faoliyatini moliyalashtirish bilan bog‘liq o‘nlab milliardlab dollarlarning harakatlanishiga ko‘maklashgan.
AQSh Moliya vazirligi ushbu tarmoqlar Eron qurolli kuchlariga, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga xalqaro moliya tizimiga kirish, noqonuniy neft savdosi uchun to‘lovlarni qabul qilish, raketalar va boshqa qurollar uchun nozik komponentlarni sotib olish va Tehron bilan ittifoqdosh guruhlarga mablag‘larni o‘tkazish imkonini berganini ta’kidladi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi shuningdek, Eron hukumati yoki IIQKga Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun to‘lovlarni amalga oshirayotgan kompaniyalar qattiq sanksiyalarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
"Eronning soyali bank tizimi uning harbiylari uchun muhim moliyaviy kanal bo‘lib xizmat qiladi, global savdoni buzadigan va Yaqin Sharqda zo‘ravonlikni kuchaytiradigan faoliyatni amalga oshiradi", dedi AQSh Moliya vaziri Skott Bessent.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu tarmoq orqali oqib o‘tadigan noqonuniy mablag‘lar "terrorchilik operasiyalari"ni qo‘llab-quvvatlaydi va Amerika xodimlari, mintaqadagi AQSh ittifoqchilari va global iqtisodiyotga tahdid soladi.