Bugun 10 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

AQSh Eron uchun qurol sotib olishga ko‘maklashgan toҷikistonlik fuqaroga sanksiya kiritdi

AQSh Eron uchun qurol sotib olishga ko‘maklashgan toҷikistonlik fuqaroga sanksiya kiritdi

Qo‘shma Shtatlar Tojikiston va Rossiya fuqarosi Alisher Domullojonovni Eron uchun qurol sotib olishga ko‘maklashganlikda gumonlab, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Central Asia xabar berishicha, uning ismi AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) saytida 4 noyabr kuni e’lon qilingan.

OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, Domullojonov 1989 yil 29 noyabrda Dushanbe shahrida tug‘ilgan. Hozirgi yashash manzili sifatida Rossiyaning Moskva viloyati Ramenskiy tumanidagi Xripan qishlog‘i ko‘rsatilgan.

«Ozodlik» radiosining xabar berishicha, AQSh Davlat departamenti Domullojonov Eron uchun ko‘chma zenit-raketa majmualarini (MANPADS) sotib olishga ko‘maklashganini bildirgan.

Shu qaror doirasida Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan Armory Alliance kompaniyasi rahbari Muhammad Ali Tolibov va Nigeriyaning Vanguard Tactical Supply Limited kompaniyasiga ham cheklovlar kiritilgan. Ularning ikkalasi ham avvalroq AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, 4 noyabr kuni ularning profiliga Eron qurollari bilan bog‘liq qo‘shimcha belgilar kiritilgan.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Armory Alliance Xitoy kompaniyalari va Eron o‘rtasida vositachilik qilgan hamda yuzlab MANPADS xaridini tashkil etishga uringan. Vanguard Tactical Supply esa Xitoyda ishlab chiqarilgan tizimlarni Tehronga yetkazishga ko‘maklashgan.

Vashington yangi sanksiyalar Eronning harbiy salohiyatini tiklashga qaratilgan ta’minot tarmoqlarini izdan chiqarishga qaratilganini bildirgan.

Cheklovlar doirasida sanksiyaga tushgan shaxslarning AQSh yurisdiksiyasidagi aktivlari va mulkiy manfaatlari muzlatiladi. Amerika fuqarolari va kompaniyalariga ular bilan moliyaviy operasiyalar o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, sanksiyalangan shaxslar bevosita yoki bilvosita kamida 50 foiz ulushga ega bo‘lgan tashkilotlarga ham ushbu cheklovlar tatbiq etiladi.

Kiritildi: 17:39 09.11.2026. O'qildi: 649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik