AQSh va Eron yadroviy muzokaralarining navbatdagi raundi Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Bu haqda Axios portali manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularga ko‘ra, Amerika va Eron rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuv Ummon poytaxti Maskatdagi bilvosita muzokaralardan farqli o‘laroq, bir xonada shaxsiy formatda bo‘lib o‘tishi mumkin. Uchrashuvda ummonlik vositachilar ham ishtirok etishi mumkin, deb yozadi portal.
Axios portalining qayd etishicha, AQSh va Eron rasmiylari o‘rtasidagi ikkinchi uchrashuv oldidan Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi Tehronga tashrif buyurib, Islom Respublikasi yadro inshootlarida monitoring va tekshirish tartiblarini muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni Ummonda Tehron va Vashington vakillari o‘rtasida Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha birinchi maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Eron delegasiyasiga tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi, AQSh delegasiyasiga esa prezidentning maxsus vakili Stiven Vitkoff boshchilik qildi. Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv konstruktiv va osoyishta ruhda o‘tgan va tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan.