Bugun 23 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

AQSh elchixonasi viza talabgorlaridan ijtimoiy tarmoqlarni hammaga ko‘rinadigan qilib qo‘yishni so‘ramoqda

AQSh elchixonasi viza talabgorlaridan ijtimoiy tarmoqlarni hammaga ko‘rinadigan qilib qo‘yishni so‘ramoqda

21 iyundan boshlab AQShning Toshkentdagi elchixonasi ta’lim yoki almashinuv vizalariga (F, M, J) murojaat qiluvchi o‘zbekistonlik fuqarolardan barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlarida maxfiylik sozlamalarini ommaviy holatga o‘tkazishni talab qilmoqda. Talab bajarilmasa, viza rad etilishi yoki kelgusida viza olish huquqidan mahrum bo‘lish xavfi bor.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi ta’lim (F), kasbiy o‘qish (M) yoki almashinuv dasturlari (J) vizalariga ariza topshirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun yangi tartib joriy etganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, barcha arizachilar o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini ommaviy holatga o‘tkazishlari talab etiladi. Bu talab viza murojaatchilari haqidagi ma’lumotni to‘liq o‘rganish va xavfsizlik bo‘yicha baholashni yengillashtirish maqsadini ko‘zlaydi.

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, DS-160 shaklini to‘ldirishda so‘nggi 5 yil ichida foydalanilgan ijtimoiy tarmoqlar, taxalluslar va akkauntlar haqidagi ma’lumot to‘liq va haqqoniy tarzda ko‘rsatilishi lozim. Ma’lumotni bermaslik yoki yashirish arizaning rad etilishiga hamda keyinchalik viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga sabab bo‘lishi mumkin.

AQSh viza tizimida 2019 yildan buyon ijtimoiy tarmoq ma’lumotlarini talab qilish amaliyoti mavjud bo‘lib, bu milliy xavfsizlik va xavfli shaxslarni aniqlash uchun joriy qilingan. Endi esa, akkauntlarni ommaviy holatga o‘tkazish orqali ular to‘liq ko‘rinishi kerak bo‘ladi.

Bu talab AQSh ma’muriyatining xorijlik talabalar va oliy ta’lim muassasalariga nisbatan yangi tekshiruv strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Xususan, so‘nggi oylarda prezident Donald Tramp va Harvard universiteti o‘rtasidagi siyosiy tortishuvlar, universitet hududida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar uyushtirilishi bilan bog‘liq mojaro bu jarayonni yanada kuchaytirdi.

Tramp ma’muriyati Harvardni federal mablag‘lardan mahrum qilib, talabalar siyosatini isloh qilishni talab qilgan. Harvard boshida qarshi chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik muzokaralarga moyillik bildirgan. Bu kontekstda, chet ellik talabalarga viza berishda tekshiruvlar yanada qattiqlashganini bildiradi.

Avvalroq AQSh Davlat departamenti xorijiy talabalarga vizalar berilishini qayta boshlagani, biroq ariza beruvchilar endi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z akkauntlarini kuzatish huquqini hukumatga taqdim etishi shart qilib belgilangan xabar qilingan edi.

Kiritildi: 18:42 21.06.2025. O'qildi: 441 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!