AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatini tubdan isloh qilish zarurligini bildirdi. Uning fikricha, o‘zgarishlar amalga oshirilmasa, tashkilot kelajakda jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin.
9 noyabr kuni Parijda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Rubio BMTning hozirgi faoliyati va samaradorligi yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirdi.
«Menimcha, BMTni qutqarib qoladigan narsa — uning isloh qilinishidir. Agar bunday bo‘lmasa, tashkilot katta qiyinchiliklarga duch keladi», — dedi AQSh Davlat kotibi.
Rubio Vashington BMTning navbatdagi Bosh kotibi lavozimida islohotlarni amalga oshirishga chindan ham tayyor bo‘lgan shaxsni ko‘rishni istashini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotda ortiqcha byurokratiya va samarasiz xarajatlar ko‘paygan. Shu bois BMT o‘zining asosiy vazifalariga qaytishi va xalqaro inqirozlarni hal etishda faolroq ishtirok etishi kerak.
Avvalroq Rubio BMT agentliklarini qog‘ozbozlikni qisqartirish va insonparvarlik yordamini yetkazish samaradorligini oshirishga chaqirgan edi.