AQSh Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha e’lon qilingan minglab hujjatlarni, jabrlanganlarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘lgani tufayli internetdan olib tashladi, deb yozmoqda New York Post.
Nashrning sud hujjatlariga tayanib xabar berishicha, fayllarni o‘chirish qarori, Epshteyndan jabrlanganlarning manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlar Nyu-Yorkdagi ikki sudyaga hujjatlarning halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilganidan keyin qabul qilingan.
Advokatlarga ko‘ra, taxminan 100 nafar jabrlanuvchining shaxsiy hayoti juma kuni nashr etilgan 3 milliondan ortiq hujjatlardagi beparvo tahrir tufayli “tubdan o‘zgardi”. Hujjatlarda jabrlanganlarning fotosuratlari, elektron pochta manzillari, ismlari va bank hisoblari haqidagi ma’lumotlar ommaga ochiq bo‘lgan.
Nyu-York janubiy okrugining prokurori Jey Kleyton, Jeffri Epshteyn va Gisleyn Maksvell ishtirokidagi odam savdosiga oid ishlarni nazorat qiluvchi sudyalar Richard Berman va Pol Engelmayerga yozgan maktubida, Adliya vazirligi jabrlanuvchilar yoki ularning vakillari ko‘rsatgan barcha materiallarni olib tashlaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, vazirlik o‘zi ham "o‘chirilishi lozim bo‘lgan" hujjatlarning katta qismini aniqladi. Departament tahrirdagi ko‘plab xatoliklarni "texnik yoki inson omili" bilan izohladi va maxfiy hujjatlar bilan ishlash protokollarini qayta ko‘rib chiqishini bildirdi.