Bugun 5 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

Fransiyaning strategik xatosi 76 mlrd yevroga tushdi

Fransiyaning strategik xatosi 76 mlrd yevroga tushdi

2004 yilda Fransiya hukumati mamlakat oltin zaxiralarining katta qismini sotishga qaror qilgan edi. O‘sha yili davlat zaxirasidagi 589 tonna oltin, ya’ni umumiy zaxiraning qariyb 20 foizi, bozorga chiqarildi.

Hukumat bu qarorni «oltin daromad keltirmaydigan aktiv» ekani bilan izohlagan. Rasmiylarga ko‘ra, davlat mablag‘larni yanada foydali moliyaviy vositalarga yo‘naltirishi lozim edi. Natijada Fransiya byudjetiga oltin sotuvidan 4,67 milliard yevro mablag‘ kelib tushgan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu qarorning salbiy oqibatlari namoyon bo‘la boshladi. Oradan yigirma yilga yaqin vaqt o‘tgach, jahon bozorida oltin narxi keskin oshdi. Bugungi kunda 1 kilogramm oltin narxi 137 ming yevrodan oshgan, 2004 yilda sotilgan 589 tonna oltinning umumiy qiymati esa taxminan 81 milliard yevroga teng.

Shu tariqa, Fransiya ushbu qaror orqali qariyb 76 milliard yevro potensial daromaddan mahrum bo‘lgan. Iqtisodchilar buni mamlakat tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz moliyaviy qarorlardan biri sifatida baholamoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, oltin qisqa muddatda daromad keltirmasa-da, u uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni saqlash, inflyasiya va iqtisodiy inqirozlardan himoyalanish uchun muhim vosita hisoblanadi. Ushbu holat davlat aktivlarini boshqarishda strategik sabr va uzoqni ko‘ra bilish qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Kiritildi: 21:13 04.02.2026. O'qildi: 495 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!