Bugun, 16 avgust kuni Angliya Superkubogi — Community Shield doirasida "Arsenal" va "Manchester Siti" o‘zaro to‘qnash keladi. Uchrashuv Kardiffdagi "Prinsipaliti" stadionida o‘tkaziladi va Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
The Standard nashri taxminiga ko‘ra, Mikel Arteta yangi xarid Bruno Gimaraynsni asosiy tarkibda maydonga tushirishi mumkin. Bukayo Saka, Deklan Rays va Martin Subimendi o‘yinga tayyor, ammo ular Jahon chempionatidan keyin mashg‘ulotlarga kechroq qo‘shilgani sababli startda qolishi kafolatlanmagan. Vilyam Saliba va Yurriyen Timber esa jarohat tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
"Arsenal"ning taxminiy tarkibi:
Rayya — Ben Uayt, Moskera, Gabriel, Kalafyori — Bruno Gimarayns, Lyuis-Skelli — Maks Douman, Edegor, Solis — Kay Havers.
"Manchester Siti"da esa Erling Xoland o‘yinga tayyor, biroq mavsumoldi uchrashuvlarida qatnashmagani uchun zaxiradan boshlashi mumkin. "Atletiko"ga qarshi o‘rtoqlik bahsida dubl qayd etgan Omar Marmush asosiy hujumchi sifatida maydonga tushishi kutilmoqda. Rodri belidan o‘tkazgan operasiyadan keyin tiklanayotgani sababli o‘ynamaydi.
"Manchester Siti"ning taxminiy tarkibi:
Donnarumma — Mateush Nunesh, Ruben Diash, Gvardiol, Ayt-Nuri — Kovachich, Niko Gonsales — Semenyo, Foden, Doku — Marmush.
Ayrim manbalar Abduqodir Husanov ham asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Sports Illustrated o‘z variantida o‘zbekistonlik himoyachini Ruben Diash bilan markaziy himoya juftligida ko‘rsatgan.