Rossiya futbol ittifoqi klublarning yevrokuboklardan chetlatilishi oqibatida reytingda antirekord natija qayd etdi.
Sports.kz xabariga ko‘ra, Rossiya UYEFAning besh yillik koeffisiyentlar jadvalida 26-o‘rindan 30-o‘ringa tushib ketdi. Natijada mamlakat Ozarbayjon, Slovakiya, Bolgariya va Serbiyaga o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi.
Rossiya 2022 yil fevral oyidan buyon rasmiy xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayapti va UYEFAdan faqat minimal kompensasiya ballarini olmoqda. 30-pog‘ona esa Rossiya uchun XXI asrdagi eng yomon natija bo‘ldi.
Agar reytingdagi pasayish davom etsa, Rossiya klublari xalqaro maydonga qaytgan taqdirda ham yevrokuboklarda ishtirokni saralash bosqichlarining ilk davralaridan boshlashlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya klublari yevrokuboklarga eng erta 2027/2028 yilgi mavsumda qaytishi mumkin. Chunki UYEFA ularning chetlatilishini rasman 2026/2027 yilgi o‘yin mavsumi davomida ham saqlab qoldi.
Rossiya futbol rasmiylari, jumladan RPL rahbari Aleksandr Alayev, 2027 yil kuzini mamlakat klublarining xalqaro maydonga to‘liq qaytishi uchun eng real va optimistik muddat sifatida baholamoqda.