Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Andijonlik xonanda qashqadaryolik shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi (VIDEO)

Andijonlik xonanda qashqadaryolik shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi (VIDEO)

«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunning bir nechta moddalariga ko‘ra, adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publisistik va boshqa asarlar) mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanishi, asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga ko‘ra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Joriy yilning 30 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yashovchi G‘ulom Boboyorov Adliya vazirligiga G‘ulom Nazar tahallusi bilan ijod qilib kelishini bildirib, «Dadangizni quchoqlab qo‘ying» nomli she’ridan ruxsatsiz, kelishuv shartnomasini tuzmasdan uchinchi shaxslar tomonidan qo‘shiq qilib ijro qilinayotganligidan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Uning murojaati Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida Asaka tumanida yashovchi fuqaro Elyor To‘ychiyev yuqoridagi she’rini «Otam» nomi bilan to‘ylarda qo‘shiq qilib ijro etganligi va uni «Youtube» ijtimoiy tarmog‘iga joylaganligi aniqlandi.

Yuqoridagilarga asosan, boshqarma tomonidan fuqaro E.Toychiyevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudiga yuborildi.

Sud qaroriga asosan xonanda E. To‘ychiyev aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Murodjon JALOLDINOV,
Viloyat adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini
himoya qilish bo‘limi bosh maslahatchisi

Kiritildi: 17:30 25.07.2022. O'qildi: 5938 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!