Izboskan tuman davlat xizmatlari markaziga joriy yilning sakkiz oyi davomida yuridik va jismoniy shaxslardan 20 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 18 mingga yaqini ijobiy hal etilgan. Arizalarning 659 tasi rad etilgan bo‘lib, qolganlari ayni paytda vakolatli idoralar tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida.
Fuqarolar tomonidan qilinayotgan murojaatlarning asosiy qismi bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga xisobga olish, Kadastr pasportini shakillantirish, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yhatdan o‘tkazish, Pensiya va nafaqa haqida ma’lumotnoma olish kabi xizmatlarni tashkil etmoqda.
Qayd etish lozim, yangi xizmatlarning joriy etilishi natijasida aholining Davlat xizmatlari markaziga tashrifi soni ham o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshdi. Biroq binoning eski holati va mavjud sharoitlar o‘z navbatida sifatli xizmat ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymas edi. Bu esa jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.
Markaz binosi o‘tgan yil bir yil davomida davlatimiz rahbarining Davlat xizmatlari markazlari binolarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish bo‘yicha qabul qilgan qaroriga asosan tuman hokimligining moliyaviy ko‘magida zamonaviy talablar milliy andozalar asosida qurib bitkazildi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida ushbu mo‘jaz binoning foydalanishga topshirish marosimi o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqan Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozarov, Bosh Vazir qabulxonasining viloyatdagi vakili Asrorbek Arabboyev hamda Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilovlar so‘zga chiqib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularning sifati haqida fikr va munosabatlarini bildirdilar.
O‘ziga xos, zamonaviy ko‘rinishga, barcha sharoitlarga ega Markaz zarur texnik jihoz va vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 160 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Markazda bir vaqtning o‘zida 10 nafar, bir kunda 200 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorug‘ xonalar, kutish zallari, investorlar xonasi mijozlarning xizmatlar bilan bog‘liq har qanday og‘irini yengil qiladi. Mavjud monitorlar orqali namoyish etilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Qayd etish lozim, ushbu markaz viloyatda foydalanishga topshirilgan o‘ninchi davlat xizmatlari markazi hisoblanadi.
DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati.