Andijon viloyati Izboskan tumanida suv ta’minoti idorasi xodimi qarzdor iste’molchilar tomonidan kaltaklandi.
Ma’lum bo‘lishicha, MCHJning Izboskan tumani filiali xodimi Abdulboqi Saidmurodov jamoadoshlari qatori shu yilning 23 may kuni iste’molchilar tomonidan yuzaga kelgan qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida manzillarda faoliyat olib borishga jalb etilgan. Jarayon davomida u filial huquqshunosi tomonidan chiqarilgan talabnomalarni qarzdor iste’molchilarga tarqatish bilan shug‘ullangan.
Jumladan, “Yangi avlod” MFYning Oqshom ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Qodirjon Ablualimovga ham foydalanilgan toza ichimlik suvidan 625 ming so‘m miqdorida qarzdor ekanligini ogohlantiruvchi talabnoma yetkazib berilgan. Bunga javoban fuqaro jamiyatning vakolatli xodimini kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan.
“Bizga mana shuncha qarzdorlikni sen chiqargansan, deb meni klyuch bilan solib o‘tiribdi-da. Onasi supurgi bilan, o‘g‘li mashina klyuchi bilan urib, menga tan jarohati yetkazdi. Buning orasida burnim sinib, 3-4 kun bolnisada yotib chiqdim”, — deydi xodim.
Ta’kidlanishicha, “Yangi avlod” MFYda 112575 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, ulardan bir oyda undirilishi kerak bo‘lgan to‘lov miqdori 380 mln so‘mdan iborat. Biroq bu ko‘rsatkich amalda 135–140 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Izboskan tumani huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.