Andijon viloyatidagi Z.M.Bobur nomidagi (“Bog‘ishamol”) istirohat bog‘ida zanjir uzilib ketishi natijasida, ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi. Ijtimoiy tarmoqlar hodisadan keyin attraksionni qismlari yerda sochilib yotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Viloyati FVB ma’lum qilishicha, 26 aprel kuni ushbu bog‘ hududida attraksionlardan birining temir konstruksiyasi singan. FVB xabarida 2 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgani va ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgani bildirilgan.
Biroq, tasdiqlanmagan manbalarga ko‘ra, hodisa natijasida kamida 7 kishi jarohatlangan. Shuningdek, tarmoqlarda attraksionlarga chiqishda hushyorlikka chaqirib, ularning ko‘plari tekshiruvdan o‘tkazilmagani aytilmoqda.
Andijon viloyati FVB baxtsiz hodisa sabablari haqida ma’lumot bermagan.