Ruminiyaning Vasluy shahar sudida rasman o‘limi tasdiqlangan bir odamning tirikligini isbotlash ishi ko‘rildi. Garchi 63 yoshli Konstantin Reliu sog‘-salomat yurgan bo‘lsa ham uni qarindoshlari allaqachon o‘ldiga chiqarishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Reliu 26 yil Turkiyada yashab, oilasi bilan muloqot qilmagan. Ikki yil avval xotini uning o‘lgani haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirgan.
Yaqinda deport bo‘lib yurtiga qaytib kelgan erkak endi Ruminiyada xotirjam yashay olmasligini tushunib yetdi. Chunki u hujjatlarda o‘lgan edi.
Bundan jahli chiqqan erkak o‘zining soxta o‘limi tufayli ishga joylasha olmayotganidan shikoyat qilib sudga murojaat qildi.
Biroq u sudya qarshisida ham o‘z tirikligini isbotlay olmadi. Endi u apellyasiya berishni ko‘zlab yuribdi.
"Adevarul" gazetasi