Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari birinchi marta AQSh aholisining eng katta qo‘rquvlari o‘nligidan joy oldi — shu bilan birga birdaniga ikkita yo‘nalish bo‘yicha. Chepmen universiteti tomonidan o‘tkazilgan har yilgi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 51,9 foizi sun’iy intellekt mamlakatning siyosiy tizimiga va saylov jarayonlariga zarar yetkazishidan xavotirda. Bu ko‘rsatkich yangi dunyo urushi kelib chiqishi xavfi (58%) va yaqin kishilarning og‘ir xastalikka chalinishi (51,8%) kabi xavflar bilan bir qatorda uchinchi o‘rinni egalladi.
Respondentlarning deyarli yarmi — 49,7 foizi sun’iy intellektning iqtisodiyotga va ish o‘rinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildirgan. Shu tariqa, SI siyosat va iqtisodiyotga ehtimoliy xavfi sababli bir vaqtning o‘zida top-10 talikka ikki bor kiritilgan yagona mavzu bo‘ldi.
Shu bilan birga, ro‘yxatda birinchi o‘rinni hamon davlat mulozimlarining korrupsiyasi egallab turibdi — bu haqda so‘rovda qatnashganlarning 61,1 foizi ma’lum qilgan. Ikkinchi o‘rinda esa AQShning yangi dunyo urushiga tortilib ketishi xavfi (58%) joy oldi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu so‘rovnoma SI bilan bog‘liq real tahdidlar ehtimolini emas, balki amerikaliklarning texnologik xavf-xatarlarni qanday qabul qilayotganini aks ettiradi. Tadqiqotning statistik xatolik darajasi qariyb 3,8 foizni tashkil etadi.