The New York Times nashri jurnalisti Devid Enrixning xabar berishicha, “Amerika ovozi” radiokompaniyasi xodimlari haq to‘lanadigan ta’tilga yuborilgan. U X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu qaror haqidagi rasmiy xat nusxasini e’lon qildi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, radiostansiya amalda faoliyatini to‘xtatmoqda. Ba’zi xodimlar ta’tilga chiqish haqida efirga chiqishdan bir necha daqiqa oldin xabardor qilingan. Hozirda radiostansiyaning Yaqin Sharq va Osiyodagi ayrim bo‘linmalarida shunchaki musiqa yangramoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp yettita federal agentlik xodimlarini minimal darajagacha qisqartirish haqida topshiriq bergan edi. Ularning qatorida AQShning Global media agentligi (USAGM) ham bor. Mazkur agentlik “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi” kabi ommaviy axborot vositalarini moliyalashtiradi.
“Ozodlik radiosi” faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.