Bugun 17 mart, 2025 yil, dushanba

КИР

Chegara nizolari tugadi: SSSR merosi tarixga aylanmoqda!

Chegara nizolari tugadi: SSSR merosi tarixga aylanmoqda!

Sobiq SSSR davlatlari chegara mojarolariga nuqta qo‘ydi. Qirg‘iziston va Tojikiston 984 km uzunlikdagi davlat chegarasi bo‘yicha kelishuv imzoladi. Natijada “Qayrag‘ach” va “Qizil-Bel” nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ochildi, Bishkek–Dushanbe va Bishkek–Xo‘jand aviaqatnovlari tiklandi. Muzokaralar davomida Qirg‘iziston ba’zi yon bosishlarga bordi, xususan, Doston qishlog‘i to‘liq Tojikistonga berildi.

Shu bilan bir paytda geosiyosiy maydonda yana bir muhim voqea yuz berdi. Ozarbayjon va Armaniston ham tinchlik shartnomasining barcha bandlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yerevan Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’volarni Konstitusiyadan olib tashlashga tayyorligini bildirdi. Chegarada uchinchi davlat harbiy kuchlarini joylashtirmaslik sharti ham qabul qilindi.

“Biz shartnomani to‘liq tahlil qildik va to‘rt yil davom etgan muzokaralar natijasida shakllangan ushbu murosali variant Armaniston uchun maqbul bo‘lishi mumkin degan qarorga keldik”, dedi Pashinyan.

Biroq, Zangazur yo‘lagi masalasining qanday hal etilgani ochiqlanmagan. Hujjatning qachon imzolanishi ham noma’lumligicha qolmoqda. Mutaxassislar esa shartnoma imzolanishiga umuman ishonish yoki ishonmaslik borasida turlicha fikr bildirmoqda. Lekin shartnomaning barcha bandlari bo‘yicha kelishuvga erishilgani, shubhasiz.

Ekspertlar fikricha, ushbu kelishuvlar mintaqada barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda. Chegara nizolarining hal etilishi sarmoyalar jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va tinchlikni mustahkamlash imkonini beradi. Biroq, suv resurslari taqchilligi hali hanuz dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

Siyosatshunoslar Sovet davrida qasddan yaratilgan hududiy nizolar hozirgi kelishmovchiliklarning ildizi ekanini ta’kidlashmoqda. Biroq, hozirgi tendensiya davlatlar o‘zaro nizolardan voz kechib, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lini tanlayotganini ko‘rsatmoqda.

Kiritildi: 13:33 16.03.2025. O'qildi: 2763 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!