Dunyoning turli mamlakatlari markaziy banklari uch yil ketma-ket zaxiralarini to‘ldirish uchun 1000 tonnadan ortiq oltin sotib olmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar Markaziy banklari qimmatbaho metallni sof sotib olish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda, deb yozadi "RBK" Jahon oltin kengashi (World Gold Council, WGC) ma’lumotlariga asoslanib.
Rivojlanayotgan mamlakatlar Markaziy banklari sof oltin sotib olishda peshqadamlik qilmoqda, bunda O‘zbekiston, Xitoy va Qozog‘iston eng yirik xaridorlar uchligiga kiradi. Shuningdek, Polsha va Hindiston ham oltin zaxiralarini ko‘paytirmoqda - ikkala markaziy bank 2025 yil yanvar oyida o‘z zaxiralariga 3 tonnadan qo‘shdi.
UBS ekspertlari 2025 yilda jahon markaziy banklarining oltinga bo‘lgan qiziqishi saqlanib qolishini va ularning xaridlari hajmi 900 tonnaga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eng katta oltin zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni AQSh egallagan, uning oltin zaxiralari 8133,46 tonnani tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda Germaniya (3351,53 tonna) turadi. Keyingi o‘rinlarda taxminan bir xil oltin zaxirasiga ega bo‘lgan to‘rtta mamlakat turadi. Bular Italiya (2451,84), Fransiya (2437), Rossiya (2335,9) va Xitoy (2279,56) hisoblanadi. Eng yuqori o‘ntalikka Shveysariya, Hindiston, Yaponiya va Niderlandiya ham kiritilgan.