Alyaska gubernatori Mayk Danlivi AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvni shtatda o‘tkazish qarorini olqishlashini va uni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
"Butun dunyo tomosha qiladi va Alyaska ushbu tarixiy uchrashuvni o‘tkazishga tayyor", dedi Danlivi X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Bu yerda global ahamiyatga ega bo‘lgan munozaralar bo‘lib o‘tishi o‘rinli", chunki Alyaska "asrlar davomida mamlakatlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib kelgan va bugungi kunda yer yuzidagi eng muhim mintaqalardan birida diplomatiya, savdo va xavfsizlik uchun darvoza bo‘lib qolmoqda”.
Avvalroq Tramp Putin bilan uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishini aytgan, buni Kreml ham tasdiqlagan edi.