Bugun 16 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Alisher Qodirov dabdabali to‘ylar uchun hashamat solig‘ini joriy etishni taklif qildi

Alisher Qodirov dabdabali to‘ylar uchun hashamat solig‘ini joriy etishni taklif qildi

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarni tartibga solish maqsadida aholiga buni illat ekanini singdirish yoki cheklov sifatida hashamat solig‘ini joriy etish kerak. Bu haqda 16 yanvar kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida partiya raisi Alisher Qodirov ta’kidladi.

«Partiyamizning dabdabali to‘ylar borasida o‘z qarashi bor va bundan kechganimiz yo‘q, bu bizning prinsipial yondashuvimiz. Xalqimizning o‘zi tushunib yetishi kerakki, xo‘jako‘rsinga — kimlargadir nimanidir isbotlash uchun sarf qilish zamoni ortda qoldi. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak, degan naqlni xalqimiz to‘g‘ri tushunishi lozim. Hech kim bir-biriga ko‘rsatish uchun to‘y qilishi kerak emas. Daromadimizni faqat to‘ylarga isrof qilish millatimizning og‘riqli illatlaridan biri ekanini har doim ta’kidlab kelganmiz», — deydi Qodirov.

U hashamat solig‘ini joriy etish taklifi haqida gapirarkan, to‘yga kelgan har bir mehmon uchun soliq hisoblanishi kerakligini qayd etdi.

«To‘ydan maqsad ikki yoshning nikohini jamoatchilikka e’lon qilishmi, e’lon qilaylik. Buni to‘rtta odam bilan o‘tkazasizmi, boyligingiz oshib-toshib ketgan bo‘lsa, hammani chaqirib, elga osh berasizmi, marhamat. Lekin cheklov tomoni soliqlar bilan bo‘lishi lozim. Bizning taklifimiz boshidan shunaqa bo‘lgan: luxury tax, ya’ni hashamat solig‘ini [joriy etish]. Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang. Masalan, 10 ming odamni chaqirib to‘y qilmoqchimisiz? To‘yda odam boshiga qarab soliq hisoblansin. 10 ming odamning solig‘ini to‘lab qo‘ying-da, keyin shuncha mehmon bilan to‘y qilavering», — deydi u.

«Avvalo, xalqimizning o‘zi tushunib yetishi kerak. Kimgadir havas qilib yoki ergashib, ming kishini yig‘ib, sarf qilguncha, o‘sha pulni farzandingizni o‘qishiga ishlating yoki mashina olib bering, uy-joy bilan ta’minlang, degan narsani odamlarga singdirishimiz kerak. Bizning bu qarashimiz qandaydir protokollar yoki hujjatlar bilan bo‘lmaydi. Bu manfaatlarni to‘g‘ri taqsimlash va to‘g‘ri boshqarish orqali erishilishi kerak bo‘lgan narsa», — deya qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.

U hashamat solig‘i qachon joriy etilishi haqidagi savolga izoh berarkan, «Biz taklifimizni beramiz va buni kerakli joylarda himoya qilamiz. Lekin bu taklifni qabul qilish yo qilmasligi darajasida ko‘p emasmiz, bilib turibsiz. Ammo hamma joyda shu fikrlarimizni aytamiz», — deydi partiya raisi.

Kiritildi: Bugun 14:50. O'qildi: 510 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!