Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida 1000 ta gol urish maqsadi atrofida yuzaga kelayotgan bosim haqida fikr bildirdi.
41 yoshli futbolchi CNN Portugal nashriga bergan intervyusida jamoatchilik uning hozirgi natijalaridan ko‘ra, mingtalik marraga qancha gol qolganiga ko‘proq e’tibor qaratayotganidan norozi ekanini ta’kidladi.
«Odamlar hozirgi natijalarimni qadrlashmayapti»
Ronalduning fikricha, futbolchining faoliyatini faqat muayyan raqamga erishish orqali baholash to‘g‘ri emas. U hozir ham gollar urayotgani va yuqori saviyada o‘ynayotgani munosib e’tirof etilishini istaydi.
«Odamlar hozir qilayotgan ishlarimni, urayotgan gollarimni qadrlashmayapti. Ularni mingta golgacha yana qancha qolgani ko‘proq qiziqtirmoqda.
Menga bu yoqmaydi. Rostdan ham yoqmaydi. Hamma narsa tabiiy ravishda yuz berishi kerak. 920 ta, 925 ta yoki 930 ta gol uramanmi — farqi yo‘q», — dedi portugaliyalik hujumchi.
«Raqamlarning o‘zi hammasini aytib turibdi»
Besh karra «Oltin to‘p» sohibi o‘zining futbol tarixidagi o‘rni haqida ham qat’iy fikr bildirdi. U faoliyati davomida erishgan natijalarini o‘z mahoratining asosiy isboti sifatida ko‘rishini ta’kidladi.
«Men tarixdagi eng buyuk futbolchiman. Nuqta! Gol urishga kelganda, raqamlarning o‘zi hammasini aytib turibdi.
Men bu yerda o‘tirib, albatta 1000 ta golga yetishim kerak, demayman», — dedi Ronaldu.
Shu tariqa, portugaliyalik yulduz faoliyatidagi navbatdagi yirik marra haqidagi muhokamalarga munosabat bildirib, muayyan raqamni quvishdan ko‘ra, maydondagi o‘yini va natijalariga e’tibor qaratishni afzal ko‘rishini ma’lum qildi.