Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy jang maydonida vaqtinchalik tanaffus olishga loyiq emasligini bildirdi. Uning fikricha, Zelenskiy har qanday tashabbusdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib, Ukraina armiyasining kuch to‘plashi uchun vaqt yutishga harakat qilmoqda.
Lavrov bu haqda Livan tashqi ishlar vaziri Yusef Rajji bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetik sulhga erishilgani haqidagi savolga javob berar ekan, ma’lum qildi.
«Zelenskiyning Tramp bayonotidan hayratga tushgandek ko‘rinishi faqat bir narsani anglatadi: u jamoatchilikka ma’lum bo‘layotgan har qanday bayonot, tashabbus va g‘oyalardan foydalanib, har qanday yo‘l bilan tanaffus olishga bo‘lgan manfaatini ilgari surmoqchi. Menimcha, u bunday tanaffusga loyiq emas», — dedi Rossiya TIV rahbari.
Lavrovning ta’kidlashicha, Zelenskiy ikki oy davomida kuch to‘plash imkoniyati berilsa, saylov o‘tkazishga tayyorligini bildirmoqda. Biroq Rossiya vazirining fikricha, bu vaqt ichida Yevropa Ukraina Qurolli kuchlarini harbiy harakatlarni davom ettirish uchun yangi qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq energetik sulh bo‘yicha tomonlar o‘rtasida aloqalar davom etayotganini ma’lum qilgan edi. U Kreml bu masalada xabar berishga arziydigan ma’lumot paydo bo‘lsa, rasmiy axborot berishini aytgan.
Avvalroq, shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiyni Vashingtonning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermaslik haqidagi iltimoslariga e’tibor bermaslikda ayblagan edi. Trampning ta’kidlashicha, Ukraina rahbari anchadan beri Moskva bilan tinchlik kelishuviga erishishi kerak edi. Shuningdek, u ukrainaliklar muzokaralarga tayyorroq bo‘lgan rahbarni saylashi uchun mamlakatda prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni taklif qilgan.