Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo sudining 2013 yil 15 martdagi buyrug‘iga asosan T.G.ning foydasiga uning tarbiyasidagi ikki nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun qarzdor E.O. dan har oydagi jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Qarzdor tomonidan aliment to‘lovi muntazam ravishda to‘lab kelinmaganligi oqibatida uning qarzi 57 million so‘mdan oshib ketgan. Shu sababli Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq qarzdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning javobgarlik masalasini hal etish maqsadida to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudiga yuborilgan.
Ish materiallari ko‘rib chiqilayotgan davrda qarzdor E.O. sud jarayonlarining biriga kelmay qolgan. Sud tomonidan qarzdor E.O.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan, u topilganidan so‘ng qamoqga olish va tergov hibsxonasiga joylashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan. Qarzdor joriy yilning 6 may kuni Toshkent shahridan topilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Ushbu voqeadan xabar topgan qarzdorning ukasi S.O. akasining 57 million so‘mdan ortiq qarzining hammasini 7 may kuni to‘lab bergan. Endilikda qarzdorning jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi masalasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.