To‘lanmay qolgan aliment pullari, albatta, qayta hisob-kitob qilinib, undiruvchiga olib beriladi. Bunda eng avvalo, bolaning manfaatlari barcha narsadan ustuvor. Chunki bolalarimiz doimo davlat va qonun himoyasidadir. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan, qarzdor SH. A.dan voyaga yetmagan 3 nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun undiruvchi X.A. foydasiga aliment undirish belgilangan.
Undiruvchi to‘lov jarayonlarida ba’zan belgilangan mablag‘ kamligi haqida murojaat qilgan. Byuroning Guliston shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qarzdorning to‘lanmay qolgan aliment pullari qaytadan hisoblab chiqildi. Aniqlanishicha, otaning qarzdorligi 10 248 221 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. To‘lanmay qolgan aliment pullari undirib berildi.
Shuningdek, ota tomonidan bolalari uchun oldindan jami 32 000 000 so‘m aliment pullari to‘liq to‘lab berildi.
Ota qarzidan qutuldi, oldindan to‘lovni ham amalga oshirdi. Ammo yelkasidagi otalik burchi yukidan qutulgani yo‘q. Yana bilmadik...