Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 2022 yil 10 maydagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor X.YU.dan undiruvchi X.YU. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotini ta’minlash maqsadida aliment undirish belgilab berilgan.
Biroq qarzdor belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani oqibatida qarzdorlik yuzaga kelgan. Sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Baliqchi tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan tegishli ijro harakatlari olib borildi.
Ijro jarayonida, farzandlarining kelajagini ta’minlash niyatida qarzdor X.YU. tomonidan sobiq turmush o‘rtog‘iga 6 sotix maydondagi yer uchastkasi hadya qilingan. Bu harakat uning farzandlariga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyati ifodasi sifatida baholandi.
Shu bilan birga, profilaktik suhbatlar natijasida 23 million so‘m miqdoridagi aliment qarzi ham to‘liq undirib berildi.
Undiruvchi tomonidan aliment qarzi qoplanganligi, shuningdek 6 sotix yer uchastkasini qabul qilib olingani inobatga olinib, ijro ishini tamomlash to‘g‘risida murojaat qilindi.
Ijro hujjati asosida belgilangan talablar to‘liq bajarilganligi sababli, ushbu ijro ishi tamomlandi.