Bugun 10 mart, 2026 yil, seshanba

КИР

Alaniya 27–28 mart kunlari xalqaro Ultra Trail poygasiga mezbonlik qiladi

Alaniya 27–28 mart kunlari xalqaro Ultra Trail poygasiga mezbonlik qiladi

Turkiya bugungi kunda ko‘plab sport turlarida yirik xalqaro musobaqalar muntazam o‘tkaziladigan muhim sport markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Ana shunday sport tadbirlari tez-tez o‘tkaziladigan maskanlardan biri — Antaliya shahri bo‘lib, u musaffo sohillari, mo‘’tadil iqlimi, boy madaniy merosi hamda suv va tog‘ sportlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlari bilan har yili millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.

Shaharning yashirin durdonasi hisoblangan Alaniya 27–28 mart kunlari yana bir bor Alaniya Ultra Trail poygasiga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqa iliq O‘rta yer dengizi bilan Toros tog‘larining salqin yonbag‘irlari orasidagi betakror va hayratomuz yo‘nalishlarda o‘tkaziladi.

Alaniya Ultra Trail 2017 yilda ilk bor tashkil etilganidan buyon 34 mamlakatdan 700 dan ortiq sportchini birlashtirgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tog‘-so‘qmoq yugurish musobaqasidir. Bu yilgi musobaqa “An’anadan so‘qmoqqacha” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Tadbir Turkiya turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda Yoshlar va sport vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

An’anadan so‘qmoqqacha

Alaniya Ultra Trail qadimda erkin va matonatli ko‘chmanchi turklar — yoruklar (Yörüklar) foydalanib kelgan ko‘ch yo‘llari bo‘ylab o‘tkaziladi. Ushbu yo‘nalishlar Toros tog‘laridan Kleopatra sohiliga qadar cho‘zilib, tarixiy karvon yo‘llari, asrlar davomida saqlanib kelayotgan Alaniya kemasozlik ustaxonasi, Alaniya qal’asi, baland tog‘ manzaralari va tabiiy go‘zalliklar orqali o‘tadi.

Musobaqa bir nechta masofalarni o‘z ichiga oladi. Eng uzuni— 68 kilometrli Alaniya Ultra Trail (AUT) yo‘nalishidir. Bundan tashqari, 42 kilometrli Toros tog‘lari yo‘li (TMT), 27 kilometrli Keykubod tog‘ yugurishi (KMR), 18 kilometrli Kleopatra qisqa so‘qmog‘i (CST) hamda 5 kilometrli Alaniya qal’a yugurishi (ACR) bosqichlari ham mavjud.

Musobaqa Damlatash g‘ori va Kleopatra sohilidan boshlanadi. Yo‘l davomida Tophane, Qizil minora, Alaniya kemasozlik ustaxonasi (Tersane), Esat burji, Bedesten hamda Alaniya qal’asi kabi tarixiy maskanlar orqali o‘tiladi. Shahar ko‘chalaridagi qisqa yugurishdan so‘ng sarguzasht Toros tog‘lari bag‘riga ko‘chadi va yo‘nalish yana Kleopatra sohilidagi marra chizig‘ida yakunlanadi.

Antaliyaning yashirin durdonasi: Alaniya

Antaliyaning sharqiy qismida joylashgan Alaniya takrorlanmas tabiat go‘zalligi, bir necha ming yillik tarixga ega qal’alari hamda jo‘shqin hayot tarzi bilan sayyohlarni o‘ziga rom qiladigan jonli sohil shahri hisoblanadi.

Alaniya XIII asrda Saljuqiylar tomonidan devorlar bilan o‘ralgan shahar sifatida barpo etilgan. U qoyali tepalik ustida qurilgan va bugungi kunda ham a’lo darajada saqlanib qolgan Alaniya qal’asi bilan mashhur. Qal’adan dengiz tomon tushadigan egri-bugri ko‘chalar yam-yashil bog‘lar orasida qad rostlagan an’anaviy uylar bilan o‘ralgan. Shaharning muhim ramzlari qatoriga tarixiy Alaniya kemasozlik ustaxonasi (Tersane) hamda dastlab mudofaa maqsadida bunyod etilgan, bugungi kunda esa etnografiya muzeyi sifatida faoliyat yuritayotgan sakkiz qirrali Qizil minora (Kızıl Kule) kiradi.

Bundan tashqari, Alaniya o‘zining o‘xshashi yo‘q tabiiy go‘zalliklari bilan ham ajralib turadi. Bu yerda Injequm va Kleopatra sohili kabi Moviy bayroq mukofotiga sazovor bo‘lgan sohillar, shuningdek Sapadere darasi, Dim va Damlatash g‘ori, Dereko‘y yaylasi kabi maftunkor tabiiy maskanlar mavjud.

Alaniya o‘zining rang-barang gastronomik madaniyati bilan ham e’tiborni tortadi. Bu yerda ko‘cha taomlari — masalan, go‘zlemedan tortib, nafis O‘rta yer dengizi taomlarigacha bo‘lgan xilma-xil lazzatlarni tatib ko‘rish mumkin. Yangi tutilgan dengiz mahsulotlari, jumladan baliq va sakkizoyoq, turli gazaklar hamda cho‘pon qovurmasi kabi an’anaviy taomlar hududning o‘ziga xos gastronomik boyligini namoyon etadi.

Shuningdek, Alaniyaning jo‘shqin tungi hayoti ham alohida e’tiborga loyiq. Jonli barlar va musiqa maskanlari tufayli quyosh botganidan keyin ham shahar hayoti davom etadi vaa uning betakror energiyasi tun bo‘yi saqlanib qoladi.

Kiritildi: Bugun 18:42. O'qildi: 300 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!