Airbus yo‘lovchi samolyoti qo‘nmasdan havoda bo‘lish davomiyligi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Havo kemasi 24 soatdan ortiq vaqt davomida parvozni amalga oshirdi.
Bu haqda Ginnessning jahon rekordlari kitobi rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Samolyot 24 soat 24 daqiqa davomida 23 100 kilometr masofani bosib o‘tdi. Parvoz 2026 yil 27–28 iyul kunlari amalga oshirilgan. Havo kemasi Avstraliyaning Melburn shahridan uchib chiqib, Fransiyaning Tuluza shahriga qo‘ngan. Bir sutka davomida u Tinch okeani, Shimoliy Amerika, Atlantika okeani va Buyuk Britaniya ustidan uchib o‘tgan.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchilar samolyot bortida ikki marta quyosh chiqishi va ikki marta quyosh botishiga guvoh bo‘lishgan. Bunga qadar eng uzoq davom etgan to‘xtovsiz parvoz Singapore Airlines aviakompaniyasining Singapur — Nyu-York yo‘nalishi bo‘lib, u 18 soatdan ortiq davom etgan.
Qayd etilishicha, Airbus samolyotining mazkur parvozi sinov maqsadida amalga oshirilgan. Havo kemasi bortida faqat uchuvchilar va muhandislardan iborat 13 nafar kishi bo‘lgan.
Samolyot Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi uchun maxsus ishlab chiqilgan. Unga qo‘shimcha 20 ming litrlik yoqilg‘i baki o‘rnatilishi natijasida 22 soatgacha davom etadigan parvozlarni amalga oshirish imkoni yaratiladi.
Oddiy yo‘lovchilar uchun bunday reyslar 2027 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Jumladan, oktyabr oyida Sidneydan Londonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar boshlanadi. 2028 yil o‘rtalaridan esa Sidney — Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha ham to‘xtovsiz reyslar amalga oshiriladi.