Insonlar nega suratga tushishadi? Suratlar aynan biror voqea yoki lahzani xotira sifatida muhrlab, saqlash yoki biror bir hodisa tafsilotini boshqalarga yetkazish uchun kerak, shunday emasmi?
Aholini ro‘yxatga olish ham huddi suratga tushishdek gap, faqat bunda davlatning ma’lum davrdagi demografik holati faktlashtiriladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda har 10 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda so‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish ishlari 1989 yilda o‘tkazilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan.
Mamlakatimiz aholi sonini aniq hisoblab chiqish ularning jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, turmush darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida, davlatimiz rahbari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yhatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmon imzolandi.
Mazkur Farmon mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida qo‘lga kiritilajak asosli va ishonchli ma’lumotlar bazasini yaratish, respublikadagi ijtimoiy vaziyatga yanada oydinlik kiritishga xizmat qiladi.
2020 yilning 16 mart kuni esa Prezidentimiz tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni tasdiqlandi.
Qonunga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni.
Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish aholi haqida axborot to‘plashning eng keng ko‘lamli va ko‘p maqsadli tadbiridir. Ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.
Davlatda qancha odam, qanday ijtimoiy va iqtisodiy ahvoldaligi, qayerda istiqomat qilayotganligi, turmush va oilaviy tarzi, ish faoliyati va boshqalar to‘g‘risida real ma’lumot olishga yordam beradi.
2020 yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish dasturlari 50 dan oshiq davlatlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Ular orasida ko‘p sonli aholiga ega mamlakatlar – AQSH, Xitoy, Rossiya, Yaponiiya, Braziliya, Meksika bor. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston aholisining umummilliy ro‘yxatgi olish ishlari ham 2020 yilga belgilangan edi. O‘zbekiston va Turkmanistonda esa 2022 yilda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Biroq, dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan koronovirus pandemiyasi ta’siri ostida, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish umumilliy dasturini 2020 yilda o‘tkazishni rejalashtirilgan davlatlar ushbu dastur ijrosini boshqa vaqtga qoldirishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xalqaro tajribada, aholini ro‘yxatga olish dasturi davomida ma’lumotlarni olish va saralash ishlarini zamonaviy texnologiyalar – elektron moslamalar va Internet tarmog‘i yordamida o‘tkazish ayni bugungi sharoitda qo‘l kelishi mumkin.
Masalan, Rossiya Federasiyasi hukumati aholini ro‘yxatga olish dasturi doirasida fuqarolarga mustaqil ravishda Gosuslugi.ru – Yagona davlat xizmatlari portali orqali anketa to‘ldirish imkoniyatini taqdim etmoqchi.
Shuningdek, munisipal va davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi ko‘p funksional markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.
Mamlakatimizda 2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi B.Begalovning so‘zlariga ko‘ra, internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish imkoniyati ham yaratiladi, aniqrog‘i, xohlovchilar o‘zlari uylaridan yoki masofadan turib, maxsus dastur orqali savolnoma varaqalarini to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Har qanday hukumat mamlakatni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy dasturlari va starategiyalarini ishlab chiqish davomida aholisining tarkibi va soni, zichligini hamda geografik joylashuvini inobatga olsa, ishlab chiqilayotgan dasturlarning va maqsadli chora tadbirlarning samaradorligi va manzilliligini ta’minlaydi.
Mohidil Ravshanova tayyorladi.