25 sentyabrgacha Rossiyadan Armanistonga gaz yetkazib berish “rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari” sababli vaqtincha to‘xtatilgan, ichki talab esa omborlardagi zaxiralar hisobidan qoplanmoqda.
Armanistonning “Hraparak” gazetasi manbalarining ta’kidlashicha, 1 noyabr kuni yirik “avariya" yoki “fors-major” holati yuz berishi mumkin, shundan so‘ng Armanistonga gaz ta’minoti qayta tiklanmaydi. Nashr suhbatdoshlarining ma’lumotlariga ko‘ra, agar Yerevan Moskvaning to‘rtta siyosiy talabini bajarmasa, Rossiya shunday chorani qo‘llaydi.
"Moskva Yerevandan Gyumridagi Rossiya harbiy bazasi taqdirini muhokama qilishni to‘xtatish, Armanistondagi Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi kompaniyalarga qarshi harakatlardan voz kechish, Rossiyaga moyil siyosatchilarni jinoiy ta’qib qilishni to‘xtatish hamda nomzodi Kremlga ma’qul keladigan bosh vazir o‘rinbosarini tayinlashni talab qilmoqda", deyiladi xabarda.
“Hraparak” ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvaning yana bir talabi — Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qilishidir. Xususan, Yerevan yevrointegratsya jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishi yoki ushbu masala bo‘yicha referendum sanasini belgilashi kerak.
Erevanning YEIga a’zo bo‘lish uchun ariza berish qaroridan so‘ng Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar ancha keskinlashdi. Shu bilan birga, Armaniston hanuzgacha Rossiyadan gaz yetkazib berilishiga deyarli to‘liq qaram va uni imtiyozli narxlarda import qiladi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan Moskvaning qarorlaridan qat’i nazar, gaz ta’minotining boshqa manbalarini qidirishini ta’kidlagan edi. 16-sentyabr kuni Armaniston Xavfsizlik kengashida respublika Rossiya ta’minotini Ozarbayjon, Turkiya va Erondan qilinadigan xaridlar bilan almashtirishga qodir ekanligini ma’lum qilishdi.