Eron Oliy xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Ali Bog‘eri AQSh Eron bilan jiddiy muzokaralarni boshlash uchun Tehron ilgari surgan yettita shartni qabul qilishi va bajarishi kerakligini bildirdi.
Bog‘eri bu haqda Eron davlat televideniyesi efirida Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning hozirgi holatini sharhlar ekan, ma’lum qilgan.
«Agar AQSh muzokaralar olib borish va adolatli kelishuvga erishish niyatida jiddiy bo‘lsa, biz ilgari surgan yettita shartni qabul qilishi va bajarishi kerak», — dedi Bog‘eri.
U o‘z pozisiyasini AQShning «o‘tmishdagi xatti-harakatlari» va muzokaralar bilan bog‘liq majburiyatlarni bir necha bor buzgani bilan izohladi.
Bog‘erining so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘tgan bahorda besh raund muzokaradan keyin ikkinchi marta urush boshlagan. Kuzda esa diplomatik jarayon davom etayotgan bir paytda muzokaralar tamoyillariga zid qadamlar tashlagan.
Eronlik rasmiyning ta’kidlashicha, jiddiy muzokaralarni boshlash uchun Vashington Tehron tomonidan ilgari surilgan yettita shartni qabul qilishi va bajarishi lozim. Agar AQSh ushbu shartlarga rozi bo‘lib, ularni amalga oshirsa, shundan keyingina muzokaralar jarayoni boshlanish-boshlanmasligini baholash mumkin bo‘ladi.
Aks holda, Bog‘erining fikricha, Vashington o‘zining siyosiy manfaatlariga mos vaqtinchalik kelishuvga erishishga intiladi. Saylovlardan keyin esa bosim o‘tkazish siyosatiga yoki harbiy aralashuvga qaytishi mumkin.
Tehron Vashingtonga taqdim etgan yettita shart quyidagilardan iborat:
1. Dengiz blokadasini bekor qilish.
2. Tijorat va neft tashuvchi tankerlarning Hurmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlash.
3. Bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish.
4. Neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash.
5. Eronning muzlatib qo‘yilgan aktivlarini qaytarish.
6. Yadroviy materiallarni mamlakat hududida saqlash.
7. Urushni to‘xtatish.