Afg‘onistonlik sobiq mujohidlar yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor hokimiyatni saylangan hukumatga topshirishni nazarda tutuvchi tinchlik tashabbusini ilgari surdi. U Tolibon harakatini taklifini qabul qilishga chaqirib, aks holda mamlakatda yangi qo‘zg‘olon boshlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Hikmatyor Tolibonning partizanlar harakatini nazorat qilish imkoniyatlariga shubha bildirdi. Uning fikricha, harakat jamoatchilikning yetarli qo‘llab-quvvatloviga va xorijdagi samimiy ittifoqchilarga ega emas.
Shuningdek, u harakat rahbariga so‘zsiz bo‘ysunishni tanqid qildi, biroq uning nomini ochiq aytmadi. Sobiq mujohidlar yetakchisining ta’kidlashicha, afg‘onlar zulm va adolatsizlikka duch kelganda sukut saqlashda davom etsa, mamlakatdagi hozirgi vaziyat uchun ularning o‘zlari ham mas’uliyatni bo‘yniga oladi.
Hikmatyorning fikricha, davlat uchun muhim bo‘lgan barcha qarorlar saylangan vakillik organi tomonidan qabul qilinishi kerak. U Tolibonning siyosiy monopoliyasiga ham qarshi chiqib, Afg‘oniston etnik kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga tegishli bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
2021 yilda Tolibon hokimiyatga qaytganidan keyin Hikmatyor Kobulda qolgan va yangi rejimni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan hukumat unga bosimni kuchaytirib, faoliyatini cheklay boshlagan. Jumladan, unga tegishli Barya TV telekanali yopilgan, shuningdek, uning masjidlarda va’z qilishini taqiqlashgan.
2025 yil fevral oyida, Kobuldagi qarorgohidan majburan ko‘chirilganidan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, Hikmatyor Tolibon hukmronligi ostida Afg‘onistonni «qorong‘u kelajak» kutayotganini aytgan.
2025 yil dekabr oyida u tibbiy sabablarga ko‘ra, degan taxminlar bilan Malayziyaga ketgan. Hozirda uning qayerda ekani noma’lum.
Tolibonga qarshi chiquvchi Afg‘onistonning sobiq adliya vaziri Fazel Ahmad Manaviy Hikmatyorning bayonotlari harakatning diniy va qabilaviy tayanchlariga putur yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning fikricha, yaqinda Tolibonni tanqid qilgan pokistonlik diniy arbobning bayonotlari ham bu jarayonda muhim ahamiyatga ega.