Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Andijon shahrida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «Cobalt» rusumli transport vositasi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, mashinada u bilan ketayotgan sherigi – Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida yashovchi, 1971 y.t. Qirg‘iziston fuqarosining yonida 4 kg 897 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi ushbu ajal og‘usini Buxoro tumanidagi dala maydonidagi xufiya joydan olganligi aniqlanib, mazkur hudud ko‘zdan kechirilganda, u yerda yana 45 kg 52 gr. “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, muqaddam uchinchi shaxslar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazib berilgan ushbu qariyb 50 kg giyohvandlik vositasi O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida olib o‘tilishi kerak bo‘lgan.
Giyohvandlikning zararlari behisob. Afsuski, o‘zgalar hayotini zaharlash, ularning kelajagini barbod qilish evaziga tez boyib ketish ilinjida bo‘lgan ayrim kimsalar alal-oqibat qonun oldida javob berishlari muqarrar.
❗️ Agarda ozodlikdan mahrum etilib, umringizning ma’lum bir qismini oilangizdan uzoqda o‘tkazishni hohlamasangiz, bunday qabih ishlarga qo‘l urmang.