Afg‘oniston hukumati Pokiston bilan chegaradagi to‘qnashuvlarda 12 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
Tolo News telekanali xabariga ko‘ra, hukumat so‘zlovchisi Zabihulloh Mujohid bayonot bergan —
“Pokiston kuchlari Qandahor viloyatining Spin Boldak tumanida yengil va og‘ir qurollardan foydalangan hujumlar uyushtirdi. Natijada 12 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq odam yaralandi,” — dedi u.
Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on kuchlari hujumlarga javob qaytargan, natijada bir necha pokistonlik harbiylar halok bo‘lgan, ayrim bazalar va nazorat punktilar egallab olingan.
Shu bilan birga, Pokiston armiyasi Dawn gazetasi orqali bayonot berib, afg‘on kuchlari Spin Boldakdagi to‘rt nuqtaga zarba berganini, Pokiston esa javob chorasi ko‘rganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, 15–20 nafar afg‘on askari halok bo‘lgan, yana ko‘plab harbiylar yaralangan.
9 oktyabr kuni Kobulda sodir bo‘lgan portlashlardan so‘ng, Afg‘oniston hukumati Pokistonni hodisada ayblagan edi. 11 oktyabr kuni esa chegaradagi Paktiya viloyatida shiddatli otishmalar yuz bergan.
Janglar Qatar va Saudiya Arabistoni vositachiligi orqali to‘xtatilgani ma’lum qilindi.
Pokiston armiyasi ma’lumoticha, to‘qnashuvlarda 23 nafar askar halok bo‘lgan, 29 nafari yaralangan, hamda Afg‘oniston rahbariyati bilan bog‘liq 200 dan ortiq “terrorchi” yo‘q qilingan.