Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 8,6 mlrd so‘mlik davlat xaridida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda harakat qilingani aniqlandi.
Buxoro tibbiyot instituti buyurtmachiligida boshlang‘ich qiymati 8,6 mlrd. so‘mlik “aqlli issiqxona qurish xizmati ko‘rsatish” yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun raqobatni sun’iy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar to‘liq va xolis baholanmagani, shuningdek, baholash jarayonida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani tasdiqlandi.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.