Eng ko‘p xorijiy safarlar qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirilib, 1,9 millionga yaqin o‘zbekistonlik Qirg‘izistonga borgan.
2025 yilning yanvar–iyul oylarida 4,3 milliondan ziyod fuqaro turistik maqsadlarda chet elga chiqdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy safarlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 954,4 ming kishiga ko‘payib, 28,2 foizga o‘sdi.
Eng ko‘p safar qilgan yo‘nalishlar orasida qo‘shni davlatlar birinchi o‘rinda turdi. Xususan, Qirg‘iziston Respublikasiga 1,9 millionga yaqin, Qozog‘istonga 799 ming, Tojikistonga esa 754 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yo‘l olgan.
Shuningdek, Rossiyaga 274 ming, Saudiya Arabistoniga 151 ming, Turkiyaga 141 ming nafar fuqaro safar qilgani qayd etildi. Yana BAAga 82 ming, Misrga 38 ming, Vyetnamga 22 ming va Xitoyga 20 ming kishi chiqqan.
Boshqa davlatlarga safar qilgan fuqarolar soni esa 132 mingdan ortiqni tashkil etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, xorijga chiqishlar sonidagi keskin o‘sish O‘zbekiston aholisi o‘rtasida turizm va sayohatga bo‘lgan talab oshganini ko‘rsatmoqda.