“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filialining Surxondaryo viloyati Oltinsoy tuman bo‘limi boshlig‘i tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi bosh mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirib, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning elektr energiyasidan qarzdorligi bo‘lsada, uni umumiy foydalanishda bo‘lgan elektr tarmog‘iga qayta ulab berish va o‘zida saqlab kelayotgan fermer xo‘jalikka tegishli elektron hisoblagichni qaytarib berish evaziga 5 mln. so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa O‘zbekiston tumani Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi 1965 y.t. fuqaroning kredit qarzdorligi bo‘yicha tuman Majburiy ijro bo‘limida unga nisbatan yuritilgan ijro hujjatini tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 5 million so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.