«Milan» yarim himoyachisi Luka Modrich 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin professional faoliyatini yakunlashini e’lon qiladi. Bu haqda jurnalist va insayder Nikolo Skira X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Sentyabr oyida xorvatiyalik futbolchi 41 yoshga to‘ladi. Avvalroq Modrich «Milan» bilan shartnomani uzaytirmasligi va yaqin yozda jamoani tark etishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Yaqin kunlarda futbolchi milliy terma jamoasi bilan faoliyatidagi so‘nggi Jahon chempionatiga yo‘l oladi.
Modrich «Milan»ga 2025 yil yozida erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan edi. O‘tgan mavsumda u «rossonerilar» safida 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2026 yil 30 iyunga qadar amal qiladi.
Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining taxminiy transfer qiymati 4 million yevroni tashkil etadi.
Modrich faoliyati davomida «Real», «Tottenxem», Zagrebning «Dinamo»si, «Inter Zapreshich» va «XSHK Zrinski Mostar» klublarida ham to‘p surgan.