Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlarida rus tilida so‘zlashuvchilar huquqlari kamsitilayotgani sababli BMT sudiga murojaat qiladi, deb xabar bermoqda DW.
Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakillari "Izvestiya" gazetasiga ma’lum qildi.
Vazirlikning qayd etishicha, Ukrainadagi urush boshlanganidan beri uchta mamlakat hukumati, ayniqsa Latviya, u yerda yashovchi rossiyaliklarga nisbatan "bosimni keskin kuchaytirgan".
"Davlat darajasida kuchaytirilgan rusofobiyaning keskin avj olishi kuzatildi. Xususan, ta’lim tizimida rus tili taqiqlandi, yodgorliklar vayron qilinmoqda, ko‘chalar va tarixiy tumanlarning nomlari o‘zgartirilmoqda. Yashash uchun ruxsatnomani tasdiqlash uchun endi latish tilini bilish bo‘yicha imtihon topshirish talab etiladi", — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Vazirlik vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Boltiqbo‘yi mamlakatlarini "ushbu davom etayotgan qoidabuzarliklar munosabati bilan xalqaro javobgarlikka tortishga bir necha bor chaqirgan". Bundan tashqari, TIV BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissariga murojaatlar yuborgan, biroq ta’kidlanishicha, ulardan mazmunli javob olishning iloji bo‘lmagan.
Rossiya TIV Boltiqbo‘yida rossiyaliklarning ta’qib qilinishiga misol sifatida "Fuqaroligi bo‘lmaganlar kongressi" harakati yetakchisi, 72 yoshli Aleksandr Gaponenkoning ishini keltirgan. U "Latviyaga qarshi qaratilgan faoliyatda chet davlatga yordam bergani", shuningdek, milliy nizo va adovat qo‘zg‘atgani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jinoiy ishga Moskvadagi "MDH davlatlari instituti" tomonidan 2025 yil fevral oyida tashkil etilgan "Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi rossiyalik vatandoshlarning etnosidi" mavzusidagi bahs-munozarada Gaponenkoning qilgan chiqishi sabab bo‘lgan. O‘shanda, LSM teleradiokompaniyasining xabar berishicha, u rossiyaliklarning ta’qib qilinishini to‘xtatishning yo‘llaridan biri sifatida Rossiyaning Boltiqbo‘yi mamlakatlariga bostirib kirishini tilga olgandi, deyiladi xabarda.