Toshkent yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) ilk bor poytaxtdagi bir sutkalik transport harakati ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 4 sentyabr sutkasi davomida poytaxt ko‘chalari va yo‘llaridan jami 1 502 057 ta transport vositasi o‘tgan. Bu ko‘rsatkich 1 487 250 tani tashkil etgan 3 sentyabrga nisbatan 14 807 taga (+1%) ko‘p.
Kun davomida 170 ta yo‘nalishda 1670 ta avtobus qatnab, 1 228 158 nafar yo‘lovchi tashilgan. Toshkent metropoliteni esa 862 053 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
YHTEM Vaziyatlar markazi monitoringiga ko‘ra, tig‘iz vaqtlarda 6 ta chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan, 1 ta chorrahada esa 7 balldan oshgan.
Tirbandlik yuqori bo‘lgan hududlarda svetoforlarning ish rejimi muvofiqlashtirilgan, zarur yo‘nalishlarda yashil chiroqning davomiyligi uzaytirilgan. Muammoli chorrahalarda harakatni tartibga solish uchun YPX xodimlari jalb etilgan, deyiladi xabarda.
Kun davomida 4751 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holati qayd etilgan. 22 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan, ular oqibatida 4 kishi og‘ir tan jarohati olgan.