25 avgust kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi.
Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish, ekologik barqaror muhitni shakllantirish hamda jamoat va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
«Avtomobilsiz kun» aksiyasi har oyning 10 va 25 sanalaridan o‘tkazib kelinmoqda. Bu Prezidentning 2026 yil 25 martdagi «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirishga qaratilgan farmonida belgilangan.
Ekologiya milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, aksiyalar boshlanganidan buyon qo‘mita va hududiy bosh boshqarmalar xodimlarining 1 730 dan ortiq xizmat hamda shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishi cheklangan. Buning natijasida atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalar miqdori o‘rtacha 17 370 kilogrammga qisqartirilgan. Shuningdek, shaharlardagi tirbandliklar kamaygan.
E’tiborli jihati, «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining avtotransport vositalaridan foydalanishi javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ekologiya milliy qo‘mitasi davlat va nodavlat tashkilotlar hamda aholini aksiyada faol ishtirok etishga, elektromobil, velosiped va jamoat transporti kabi ekologik toza transport vositalaridan ko‘proq foydalanishga chaqirdi.