Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida giyohvandlik vositalarining katta partiyasi noqonuniy aylanmadan olindi.
Jumladan, Buxoro shahrida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam narkojinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina “Surxondaryo-Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Kogon tumani hududida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirib qo‘yilgan 993 gr “opiy” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Surishtiruvlar davomida, u narkotik moddani Termiz tumanida istiqomat qiluvchi, 1980 y.t., xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, ushbu shaxs ham ushlanib, uning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg “opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.