«Barselona» vingeri Lamin Yamal Ispaniya futboli tarixida yana bir noyob natija qayd etdi.
Jurnalist MisterChip ma’lumotiga ko‘ra, Yamal «Barselona» safida barcha musobaqalardagi 50-golini 19 yoshu 49 kunligida urdi va klub miqyosida bu marraga yetgan Ispaniya futboli tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi.
Avvalgi rekord Madridning «Real» klubi afsonaviy hujumchisi Raul Gonsalesga tegishli edi. U klub darajasida 50 ta gollik marraga 19 yoshu 249 kunligida yetgan.
Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi o‘rinni yana bir mashhur ispaniyalik hujumchi Fernando Torres egallab turibdi. U 50-golini 20 yoshu 221 kunligida urgan.
Lamin Yamal o‘zining yubiley — 50-golini La Liganing «Rayo Valyekano»ga qarshi uchrashuvida kiritdi.
Shu tariqa, 19 yoshli «Barselona» yulduzi Raulning ko‘p yillik natijasini 200 kunga yaqin farq bilan yangiladi.