Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

14 davlat polisiyasi darknetga qarshi xalqaro operasiya o‘tkazdi: 350 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

14 davlat polisiyasi darknetga qarshi xalqaro operasiya o‘tkazdi: 350 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

Darknet orqali noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga qarshi o‘tkazilgan «TorNado» nomli yirik xalqaro operasiya natijasida 354 kishi qo‘lga olindi. Shuningdek, yuzlab tintuvlar o‘tkazilib, bir necha tonna giyohvand moddalar va o‘qotar qurollar musodara qilindi.

2025 yil may oyidan 2026 yil oktyabr oyiga qadar davom etgan operasiyada Yevropa davlatlari, AQSH, Avstraliya va Yangi Zelandiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari ishtirok etdi. Gumonlanuvchilar orasida giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va boshqa taqiqlangan mahsulotlarni sotuvchi hamda xarid qiluvchilar bor.

Qo‘lga olishlar soni bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinda bo‘lib, u yerda 132 kishi ushlangan. Buyuk Britaniyada 59, Vengriyada 45, Germaniyada 41 va Fransiyada 23 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Tergov davomida turli mamlakatlarda jami 5,7 tonna atrofida giyohvand moddalar, 209 dona o‘qotar qurol, shuningdek, 210 million yevrodan ortiq naqd pul va kriptovalyuta musodara qilingan. Xususan, Germaniyada 150 kilogramm amfetamin aniqlangan.

Operasiya Archetyp, Bohemia, Nemesis, Kingdom va Tor2Door kabi yirik noqonuniy internet platformalari foydalanuvchilarini aniqlashga qaratilgan. Ushbu platformalar avvalroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yopilgan edi.

Tergovchilar mazkur platformalar faoliyati to‘xtatilganidan keyin qo‘lga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanib, sotuvchi va xaridorlarning shaxsini aniqlagan. Shuningdek, maxsus forumlar, ayrim internet-do‘konlar va shifrlangan messenjerlar ishtirokchilari ham tekshiruvga jalb etilgan.

Kiritildi: 20:40 13.11.2026. O'qildi: 524 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik